Qozog‘iston poytaxtida 8-9 iyun kunlari davlat rahbari ishtirokida “Muloqot orqali qiyinchiliklarni yengish: hamkorlik, rivojlanish va taraqqiyot yo‘lida” mavzusida Ostona forumi bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi “Kazinform” agentligi.
Qutblashish sari intilish tobora kuchayib borayotgan bir paytda Qozog‘iston xalqaro hamjamiyatni asosiy global muammolarni hal qilish uchun sa’y-harakatni birlashtirishga chaqirish maqsadida yangi platforma – Ostona xalqaro forumini taklif etmoqda.
Anjumanda mingdan ziyod delegat ishtirok etadi. Yuz nafar ma’ruzachi 40 dan ortiq sessiya ishida qatnashadi.
Tadbirga xorijiy hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes va ilmiy doira vakillaridan iborat delegatsiyalar kelishi kutilyapti. Ular orasida Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva, YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya ijrochi kotibi Armida Salsia Alisjabana kabi taniqli shaxlar qayd qilingan.
Forumda to‘rt asosiy mavzu – iqtisodiyot va moliya, energetika va iqlim o‘zgarishi, xalqaro rivojlanish va barqarorlik, tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik masalalari ko‘rib chiqiladi.