Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 4 iyun kuni Toshkent shahar Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Salar” kanalida suv oqimining me’yoridan oshiq oqishi sababli suv toshishi hodisasi kuzatilgan.

Suv toshishi oqibatida “Junariq” ko‘chasida joylashgan 7 ta uy yerto‘lasi, hovli va 3 ta ishlab chiqarish sexi hududiga suv to‘plangan.

Xabarda qayd etilishicha, voqea joyiga FVV qutqaruvchilari yetib borib, aholi xonadonlariga suv toshish holatini to‘liq to‘xtatgan. Hozirda maxsus texnikalar va suv tortish moslamasi (motopompa)lar yordamida qoldiq suvlarni tortish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Uylarning devorlariga zarar yetmagan.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA