O‘zA muxbirining savollariga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Hasanov javob berdi.
– “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi bosqichi yakunlandi. G‘olib loyihalarni amalga oshirish tartibi qanday?
– “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumi aprel oyida yakunlandi. Hammamizga ma’lum, qurilish va ta’mirlash ishlari o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Eng avvalo, loyiha-smeta hujjatlarini shakllantirish kerak. Loyiha-smeta hujjatlari shakllanganidan so‘ng ishlarni amalga oshiradigan pudratchi tashkilotlarni aniqlash zarur. Bu ishlarni amalga oshirish uchun, albatta, vaqt kerak. Shu sababli, “ishimiz haligacha boshlanmadi, mablag‘ ajratilmadi” yoki “qurilish ishlari kechiktirilmoqda” singari e’tiroz va gumonlar tug‘ilmoqda. Qonunchilikda belgilangan muddat asosida hujjatlarni rasmiylashtirish va pudratchilarni aniqlash belgilab berilgan. Odamlarga pudratchilar aniqlanganidan so‘nggina ishlar amalga oshirilishini tushuntirib kelyapmiz.
– Nima сабабдан ovoz yig‘ish jarayonida ko‘proq o‘qituvchilar va maktab direktorlari qatnashyapti?
– Ayrim hududlarda shunday vaziyatlar kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, endilikda, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari doirasida ovoz berishga majburlash majburiy mehnat sifatida qayd etilishi belgilab berildi.
N.Rahmonova, Yo.Meliboyev (video), O‘zA