Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ning Madrid shahridagi qarorgohida 16-20 oktyabr kunlari tashkilot Bosh assambleyasining yubiley sessiyasini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati va tashkilot o‘rtasida bitim imzolandi. Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida mazkur nufuzli va xalqaro miqyosdagi tadbirni yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov hamda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti rektori Aziz Abduhakimov Samarqand shahrida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish yuzasidan memorandum imzoladi.
Mamlakatimiz tarixida ilk marotaba BMT oilasiga kiruvchi xalqaro tashkilot Bosh assambleyasini qabul qilish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlamoqda. Bosh assambleya O‘zbekistonning boy madaniyati, turizm salohiyati, sarmoyaviy jozibadorligini jahon hamjamiyatiga keng namoyish etishi bilan birga xalqaro turizm industriyasi uchun yangi davrni ochib beruvchi tadbirga aylanadi.
Aslida bu tashabbus xususida davlatimiz rahbari va tashkilot Bosh kotibi o‘rtasida kechgan uchrashuvda ilgari surilgan va yurtboshimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.
O‘z navbatida Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasining tashkil etilishi UNWTO va O‘zbekiston o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlikni yanada mustahkamlab, turizm sohasida xalqaro miqyosdagi mutaxassislarni tayyorlash imkonini yaratadi.
Eng muhimi, xorij tajribasini puxta o‘rganib, boyitib, amaliyotga tatbiq etish uchun xalqaro maydon yaratiladi.
N.Usmonova,
O‘zA