Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Norboyeva, “Better Cotton Initiative” dasturlari vakili Reychel Bekket va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Haydarov o‘rtasida “Better Cotton hamda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi o‘rtasida 2023-2024 yillarda Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlar rejasi”, ya’ni “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

Hujjatni imzolash marosimi “To‘qimachilik haftaligi” doirasida o‘tkazilgan “To‘qimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlik” mavzuidagi forum doirasida amalga oshirildi.

– Kuchli siyosiy iroda tufayli O‘zbekistonda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilinib, fuqarolik jamiyati vakillari va xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Sohaga oid qonunchilik va tashkiliy-huquqiy baza mustahkamlandi. Xususan, xodimlar va ish beruvchilarning huquq va majburiyatlari nisbati yanada muvozanatli, teng mavqeda mustahkamlandi.

Konferensiyada Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro Moliya korporatsiyasining tikuvchilik sanoatida munosib mehnat standartlari va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Better work” qo‘shma dasturini O‘zbekistonda tatbiq etish bo‘yicha loyihaga start berildi.

Ta’kidlash lozim, “Better work” hamda “Better Cotton Initiative” qo‘shma dasturining O‘zbekistonda amalga oshirilishi tikuv-to‘qimachilik sanoatiga zamonaviy, energiya tejovchi texnologiyalarni keng tatbiq etish, ishlab chiqarishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bilan birga xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, bu O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik sanoatida investitsion muhitni yaxshilash, sohaga dunyo to‘qimachilik sanoatida tan olingan brendlarning kirib kelishiga, eng asosiysi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon yaratadi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA