Bu 2023 yil 24 mayda qabul qilingan “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.

Qarorga muvofiq, 2023 yil yakuniga qadar my.gov.uz portalida birinchi navbatda 95 ta xizmat va servislar ishga tushiriladi va kelgusida ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 570 taga yetkaziladi. Raqamli texnologiyalar bo‘yicha loyihalar samaradorligi, raqamli xizmat va servislarning sifati va barqarorligi ustidan raqamli nazorat o‘rnatiladi.

Qarorga ko‘ra, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy etilgan raqamli texnologiyalar bo‘yicha loyihalar samaradorligi, ko‘rsatiladigan raqamli xizmat va servislar texnik faoliyatining sifati va barqarorligi ustidan raqamli nazoratni o‘rnatadi.

Raqamli nazorat doirasida davlat organlari va tashkilotlarida raqamli texnologiyalar sohasidagi loyihalarning maqsadliligi, joriy etish darajasi, foydalanish holati, raqamli xizmatlar va servislar ishidagi uzilish, to‘xtalish va texnik-avariyalar, aloqa markazlari (ishonch telefonlari, Call-markazlar, dispetcherlik aloqa) xizmatlarining bog‘lanish va samarali texnik faoliyat ko‘rsatish kabi sifat ko‘rsatkichlarini baholaydi.

Aloqa, axborotlashtirish va raqamli iqtisodiyot sohasidagi qonunchilik talablari buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.

 

M.Komilova,

O‘zA