Saudiya Arabistoni Qirolligi axborot agentligi – SPA ma’lum qilishicha, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Qirollik va Kanada o‘rtasidagi diplomatik munosabat darajasini o‘zaro hurmat, umumiy manfaat asosida avvalgi holatiga qaytarish niyatida ekanini e’lon qilgan.
Ushbu qaror valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo o‘rtasida Bangkokda bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (ATES) sammiti doirasidagi muzokara natijasidir.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 3 avgust kuni Kanada TIV Saudiya Arabistonida faol fuqarolari hibsga olinganidan xavotir bildirib, ularni zudlik bilan ozod qilishni talab qilgan. Saudiya TIV esa Kanada pozitsiyasi xalqaro huquq asoslari va davlatlar o‘rtasidagi munosabatni tartibga
soluvchi kelishuvlarga zid ravishda qirollikning ichki ishlariga ochiq aralashish ekanini ta’kidlagan. Ar-Riyod Ottavadan o‘z elchisini chaqirib olib, Kanada diplomatik missiyasi rahbarini “non-grat shaxs” deb e’lon qilgan va unga mamlakatni tark etishi uchun bir kun muhlat bergan. Shundan so‘ng Kanada bilan savdo va moliyaviy amaliyot to‘xtagandi.