O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 23-25 may kunlari yurtimizga davlat tashrifini amalga oshirgan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub tashrif dasturiga ko‘ra, 25 may kuni Samarqandda bo‘ldi.
“Afrosiyob” poyezdida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Z.Mahkamova hamrohligida qadimiy kentga kelgan oliy martabali mehmonni viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi.
Oliy martabali mehmon Samarqanddagi muqaddas qadamjolar, tarixiy madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Singapur Prezidenti dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Buyuk muhaddis haqiga Qur’on tilovat qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi M.Komilov oliy martabali mehmonga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangidan bunyod etilayotgan mazkur majmuadagi qurilish-bunyodkorlik ishlari, ziyoratgohning avvalgi holati haqida ma’lumot berdi. Ziyoratchilar uchun majmua va uning atrofida yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Halima Yaqub xonim Islom olamida muhaddislar sultoni deb e’tirof etiladigan Imom Buxoriy mangu orom topgan maskanni obod qilish bilan bog‘liq ishlarga yuksak baho berdi.
Singapur Prezidenti Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va bu yerdagi muzey faoliyati bilan ham tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro markazda zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar merosi tadqiq etilayotgani, qisqa vaqt ichida o‘nlab tarixiy kitoblar nashr etilgani haqida ma’lumot berildi.
Muzeydagi tarixiy ashyolar, turli davrlarga oid Qur’on va boshqa muqaddas kitoblar nusxalari, buyuk muhaddisning hayoti xronologik tartibda ishlangan suratlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Halima Yaqub xonim Hadis maktabida ham bo‘ldi va bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar hamda tinglovchilar bilan suhbatlashdi. Maktabda hadis ilmini o‘rganayotgan yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar e’tirof etildi.
Singapur yetakchisi buyuk jahongir Amir Temur maqbarasi va dunyoga mashhur Registon majmuasida bo‘ldi.
Oliy martabali mehmonga xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, jumladan, mazkur obidalarning yaratilish tarixi va ularni asrab-avaylash borasida davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Tillakori madrasasining noyob arxitekturasi va bu yerda tashkil etilgan milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Halima Yaqub xonim shu yerda mamlakatimizning yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlariga intervyu berdi.
– Avvalo taklif uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman, – dedi Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub. – Bu tashriflar ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlashi, shubhasiz. Samarqandga safarimiz ham taassurotlarga boy bo‘lmoqda. Ayniqsa, Islom olamining qutlug‘ maskanlaridan biri bo‘lgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratidan juda xursand bo‘ldik. Bu ulug‘ muhaddisning ilmiy merosi butun musulmon dunyosining boyligi.
Singapur Prezidenti va delegatsiya a’zolari Registonda esdalik uchun suratga tushishdi.
Halima Yaqub xonim Samarqand xalqaro turizm markazi va bu yerdagi “Boqiy shahar” majmuasini borib ko‘rdi, qadimiy Siyob dehqon bozorida bo‘ldi.
Shu bilan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning yurtimizga tashrifi yakunlandi.
G‘.XONNAZAROV, G‘.HASANOV, O‘zA muxbirlari