Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarida ham joriy o‘quv yili nihoyasiga yetishi munosabati bilan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri o‘tkazildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 31-sonli umumta’lim maktabida 2022-2023 o‘quv yili  yakuniga bag‘ishlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalari sadolari ostida boshlangan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni hayotidagi unutilmas kun – maktabni tamomlab, yetuklik shahodatnomasini olishi, voyaga yetib, mustaqil hayot sari qadam tashlash arafasida turganliklari bilan tabrikladi. Yangi hayot bo‘sag‘asida turgan yoshlar kelgusida turli sohada faoliyat yuritib Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishlariga ishonch bildirildi.

Bu yil Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarini  2  ming 704 nafar, shu jumladan 31-sonli umuta’lim maktabini 76 nafar o‘quvchi bitirmoqda. Ulardan ikki nafari oltin, bir nafari kumush medal sohibi.

Tadbirda jonajon Vatanimizni, tinchlik-osoyishtalikni, yoshlik va muhabbatni, ustozlarga ehtiromni tarannum etuvchi she’rlar o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Fan olimpiadalari, intellektual bellashuvlar, ijodiy tanlovlarda, jamoat ishlarida faol ishtirok etgan yoshlar va ularning ota-onalariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri