Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida futbol va mini futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasi yakunlandi va g‘oliblar taqdirlandi.
Yoshlar o‘rtasida sportning futbol va mini futbol turini ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasi o‘tkazildi. Mazkur musobaqada o‘g‘il bolalar bilan bir qatorda qizlar jamoalari ham ishtirok etdi.
Murosasiz o‘tgan bahslarda g‘olib jamoalar aniqlandi. Futbol bo‘yicha “Shimom” fuqarolar yig‘ini jamoasi, mini futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida “Do‘stlik” fuqarolar yig‘ini jamoasi, qizlar o‘rtasida “Tinchlik” fuqarolar yig‘ini jamoalari g‘olib bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Jahongir Tangatarov futbol bo‘yicha “Eng yaxshi darvozabon”, Umid Matsapayev “Eng yaxshi o‘yinchi”, Nematullo Ibrahimov mini futbol bo‘yicha “Eng yaxshi darvozabon”, Sardor Xudaybergenov “Eng yaxshi o‘yinchi” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning kubok hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Tadbirda san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri