Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Bugungi kunda dunyo bo‘ylab chiqarilgan kripto-aktivlarning umumiy soni 24 mingdan ortiq bo‘lib, ularning umumiy kapitalizatsiyasi qariyb 1,14 trillion dollarni tashkil etmoqda. — dedi deputat Jahongir Abdurasulov. —Ayni vaqtda kripto-aktivlar aylanmasi ko‘p mamlakatlar qatori O‘zbekiston hududiga ham kirib kelgan. Ushbu qonun loyihasi bilan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya beruvchi organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib belgilanmoqda. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlarimiz takliflariga ko‘ra, bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Qonun loyihasining qabul qilinishi kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirishga hamda mazkur sohada litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida xalq vakillari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda tayyorlash jarayonida qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani, xususan, loyiha matnida deputatlar tomonidan berilgan takliflar, fikr-mulohazalar aks etganini alohida qayd etdilar. Shu bilan birga, loyihadagi ayrim normalar bo‘yicha asosli savollar ko‘tarildi va ularga mutasaddilardan atroflicha javoblar olindi.

Bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi qabul qilindi.


Muhtarama Komilova, O‘zA