Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan davlat granti asosida ta’lim olgan talabalarning 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilingani to‘g‘risidagi xabarlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mazkur xabar yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Tegishli qonunchilikka ko‘ra, 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658 sonli qaror bilan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan. Unda oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tahsil olib tamomlagan bitiruvchilarning 3 yil ishlab berish majburiyati belgilangan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo‘lsa yohud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to‘laligicha qamrab olingan yoki amalda o‘z huquqiy ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa, lekin rasman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.

Davlat granti asosida ta’lim olgan talabalarning 3 yil ishlash majburiyati bekor qilinmagan, deyiladi xabarda.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA