Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohda bo‘lib o‘tgan o‘rmonlar bo‘yicha forumning 18-sessiyasida ishtirok etdi.

Anjumanda a’zo davlatlar FAO raisligidagi O‘rmonlar bo‘yicha qo‘shma sheriklik, mintaqaviy tashkilotlar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokida o‘rmonlar bo‘yicha 2017-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik rejani muhokama qilishdi. O‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis Ekrem Yazichiy iqlim o‘zgarishi sharoitida Orol bo‘yida o‘rmon, yer va suv resurslarini kompleks boshqarish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va boshqa muammolarga chidamlilikni oshirish uchun sifatli suv resursiga ega bo‘lish, o‘rmonzor barpo etish, yerni tiklash va o‘rmon xo‘jaligiga asoslangan turmush tarzini ta’minlash zarur.

FAO tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokini qo‘llab-quvvatladi. Forum doirasida O‘zbekiston tomoni raisligida Jahon banki, FAO, UNECE, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Kanada o‘rmon xizmati va Chexiya o‘rmon xo‘jaligi instituti hamkorligida qo‘shma tadbir tashkil etildi. Uchrashuvda BMTga a’zo davlatlarning 100 dan ortiq mutaxassis, o‘rmonni boshqarish sohasidagi ma’muriy va ilmiy doiralar, shuningdek, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Vakillarimiz O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, keng ko‘lamli obodonlashtirish aksiyasi, Orol dengizi qurigan tubida o‘rmon barpo etish amaliyoti, butun respublika hududida ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Yashil makon” aksiyasi natijalari haqida ma’lumot berildi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarimiz maydoni mamlakat hududiga nisbatan 2016 yildagi 4 foizdan bugungi kunda 14 foizga kengaytirilgani alohida ta’kidlandi.

Jahon banki Tabiiy resurslar mintaqaviy departamenti direktori Paola Agostini O‘zbekistonda o‘rmonni tiklash bo‘yicha umumiy qiymati 142 million dollarlik loyihasi taqdimotini o‘tkazdi. Yakunda qo‘shma tadbir ishtirokchilari joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning yirik anjumaniga taklif etildi.

FAO forum ishtirokchilariga 2025 yilgi O‘rmon resurslarini global baholashga tayyorgarlik, BMT O‘rmonlar bo‘yicha strategik rejasining kommunikatsiya strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi. O‘rmonlar bo‘yicha qo‘shma sheriklikning 16 a’zosi nomidan qo‘shma bayonot berdi, 2024 yildagi xalqaro o‘rmonlar kuni mavzusini e’lon qildi.

 

O‘zA