Mazkur tadbir Prezidentimizning 2023 yil 28 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda 2019 yil 8 noyabrdagi “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishdan iborat.
–Aksiyaning dastlabki kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy, shuningdek, Beruniy, Chimboy, Qo‘ng‘irot tumanlararo perinatal markazlariga 1 milliard 160 million so‘mlik dori-darmon topshirildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali direktori Orazgul Yembergenova. – Shuningdek, ikki kun davomida Qo‘ng‘irot tumanining eng chekka “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, keksa, homilador va emizikli ayollardan 580 nafar kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 515 nafariga oziq-ovqat, dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari, ko‘zoynaklar, vitaminlardan iborat muruvvat yordami ko‘rsatildi.
Mazkur aksiya “Jasliq” shaharcha fuqarolar yig‘inida davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri