Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili, Rossiyaga parvozlarni yo‘lga qo‘ygani sababli, endi “Georgian Airways” aviakompaniyasi xizmatidan foydalanmasligini ma’lum qildi.
– O‘zim uchun “Airzene” – “Georgian Airways” aviakompaniyasiga boykot e’lon qilaman va boshqalarni ham shunga chaqiraman, – dedi davlat rahbari. – Avvalgi hokimiyat davrida ham, hozir ham davlat hisobiga boyib kelayotgan mazkur kompaniya koronavirus pandemiyasidan, endi esa Rossiya bilan bog‘liq yangi voqelikdan foydalanib qolmoqchi. Bu aholi tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holat.
10 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Gruziya fuqarolari uchun viza tartibini bekor qilish, 2019 yildan amal qilib kelayotgan Rossiya aviakompaniyalarining Gruziyaga parvozi va sayyohlik bilan bog‘liq taqiqni bekor qilgan edi.
RF aviakompaniyalari 19 maydan boshlab Tbilisiga uchishni tiklagan.
O‘zA