O‘zbekistonda joriy yilning 1 dekabridan boshlab kuchli zilzilalar haqida oldindan xabardor qilish milliy tizimi ishga tushiriladi. Bu mamlakatimiz va uning chegara hududlarida real vaqt rejimida seysmik hodisalarni monitoring qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston Adliya vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli silkinishlar (5 balldan yuqori bo‘lgan) aniqlanganda, yaqin atrofdagi hududlarda yashovchi aholiga maxsus ilova orqali xabar yuboriladi.
Shuningdek, 1 iyundan boshlab, faol taktonik yoriqlar o‘rganila boshlaydi. 1 avgustgacha suv omborlarini seysmik monitoring qilish tizimi ishga tushirilishi lozim. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab esa zilzilalar vaqtida o‘zini tutish qoidalari umumiy o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limining amaldagi o‘quv dasturiga kiritiladi.
1 sentyabrdan boshlab, tegishli davlat organlari seysmik barqarorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘p qavatli uylarda o‘zboshimchalik bilan loyihani o‘zgartirish bo‘yicha nazorat ishlarini boshlaydi. Bundan tashqari, seysmik faol hududlarda joylashgan III va IV toifadagi seysmik xavfsiz bo‘lgan uylarning tom qismi, zinalar va boshqa umumiy foydalanish joylarida qurish ruxsat etilmagan inshootlar ham aniqlanadi.
II-IV toifadagi ob’ektlarda loyihani o‘zgarishtirish ishlari faqat shaharsozlik organlari o‘tkazadigan qayta ekspertizaning ijobiy xulosasidan so‘nggina amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Bunga qavatlar qo‘shish va ularning sonini o‘zgartirish, binolarni boshqalarga yaqinlashtirib qurish ishlari kiradi. IV toifadagi bino va inshootlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga faqat S va undan yuqori reytingdagi tashkilotlarga ruxsat beriladi.
Reytingi kamida SSS bo‘lgan kompaniyalar III-IV toifadagi ob’ektlarni quruvchi pudratchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
2024 yilning 1 yanvaridan boshlab, seysmik hududlardagi shaharlarning bosh rejasini ishlab chiqish seysmik mikrohududlashtirish xaritasi asosida amalga oshiriladi va maxsus sertifikatlarga ega mutaxassislar nazorat ishlariga jalb qilinadi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA muxbiri