BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining navbatdagi majlisida Turkmaniston tashabbusi bilan 26 noyabrni Butunjahon barqaror transport kuni deb e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi, deb xabar tarqatdi rus tilida chiqadigan “Neytralnыy Turkmenistan” gazetasi. Hujjat bir ovozdan qabul qilindi, 67 a’zo-davlat ushbu hujjatga hammuallif bo‘ldi.

Gazetaning ta’kidlashicha, Butunjahon barqaror transport kuni, deb 26 noyabr tanlanishi bejiz emas. Chunki, aynan 2016 yil 26 noyabrda Ashxobodda BMTning barqaror transport bo‘yicha ilk global konferensiyasi bo‘lib o‘tgan edi.

Mazkur rezolyutsiya barcha a’zo-davlatlarga, BMT tizimidagi hamda mintaqaviy tashkilotlarga va fuqaroviy jamiyatlarga Butunjahon barqaror transport kunini nishonlashni taklif etadi. Shu kuni aholining barqaror transport sohasida bilimini oshirish, ekologik toza transportni rivojlantirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi tavsiya qilinadi.

2018 yilda BMT Bosh Assambleyasi Turkmaniston tashabbusi bilan 3 iyunni velosiped kuni, deb e’lon qilgan edi.