O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, mas’ul xodimlar, Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari rahbarlari, partiya guruhi a’zolari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika tashkiloti va partiya guruhlarining saylovdagi munosib ishtiroki to‘g‘risidagi hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyiga Qoraqalpog‘iston Respublika partiya tashkilotidan delegatlarni saylash to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi.

Tadbirda siyosiy partiyalar uchun yaratib berilgan huquq va imkoniyatlardan to‘la foydalanib, partiyaning dasturiy maqsad va g‘oyalari hamda uning elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining munosib ishtirokini ta’minlash borasidagi dolzarb vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar tomonidan partiyaning saylov kampaniyasini samarali o‘tkazishni ta’minlash borasida bir qator takliflar bildirildi. Jumladan, kun tartibidagi masalalar yuzasidan muzokaraga chiqqanlar partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolarini yig‘ishni samarali tashkil qilishida barcha bo‘g‘indagi partiya kengashlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari va mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida to‘xtaldilar. Shuningdek, barcha saylov uchastkalarini partiyadan ko‘rsatiladigan nomzodning saylovoldi dasturi va qonunda ko‘zda tutilgan boshqa adabiyotlar bilan ta’minlashga doir qator takliflar bildirildi.

Bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi plenumi tegishli qarorlar qabul qildi.

Dovud ABIBULLAEV, 
Maqsad HABIBULLAEV (surat), 
O‘zA.