O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasida Koreya banklar federatsiyasi bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi. Unda tijorat banklari xodimlari, moliya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, IT sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirish, o‘zaro erkin muloqot tashkil etish hamda O‘zbekiston va Janubiy Koreya bank sohalarida o‘zaro tajriba almashishdan iboratdir.
– 10 yil oldin O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasida Koreya banklar federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolangan, – deydi O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi matbuot xizmati rahbari Hadiya Abdullayeva. – Ushbu memorandum asosida ikki davlat o‘rtasida bank tizimida o‘zaro tajriba almashilgan. O‘zbekiston bank xodimlari erishilayotgan yutuqlar bilan tanishish maqsadida Koreyaga bir necha bor tashrif buyurgan. Xususan, 2019 yilda pandemiyadan avval ham xususiy, ham davlat ulushi bor bank xodimlarining bir guruhi Koreyada bo‘lib, u yerda samarali seminarlar o‘tkazilgan. Qo‘shma seminar doirasida dunyodagi eng rivojlangan bank tizimlaridan biri Koreyaning tajribasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish, zamonaviy bank faoliyatining barcha afzalliklarini o‘sha yerning o‘zida o‘rganish imkoniyati yaratildi. Bugungi seminar onlayn bank xizmatlarini yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonda onlayn bank xizmati mavjud. Bugungi kunda bu tizim ommalashmoqda va xalq tomonidan talab ortmoqda.
– Janubiy Koreya bank tizimidagi moliya xizmatlarida raqamli texnologiyalar yaxshi rivojlangan, – deydi Koreya banklar federatsiyasi mutaxassisi Sang ah Chot (Sang ah Chot). – Misol uchun, davlatimizda telefon raqami orqali mijozga pul o‘tkazmani amalga oshirish mumkin. O‘zbekistonda moliya sanoati yaxshi rivojlanmagan. Shu borasida Janubiy Koreya texnologiyalarini O‘zbekiston banklariga keng joriy etishda ko‘maklashmoqchimiz. Banklarning raqamli texnologiyalarini rivojlantirish borasida yangi texnologiyalar bor. O‘zbekistonda shunga mos kompaniyalar bo‘lsa, ular bilan shartnoma imzolab investitsiya kiritmoqchimiz. Bu texnologiyalar banklarda keng joriy etilsa, raqamli texnologiyalar mijozlar sonini oshiradi, keng qulayliklar yaratadi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA