AQSH Prezidenti Jo Bayden 1945 yilda Xirosima va Nagasaki shaharlaridagi atom bombalari uchun uzr so‘ramaydi. Bu haqda AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
Jurnalistlarning Bayden atom bombalari uchun Qo‘shma Shtatlar nomidan kechirim so‘rash niyati bormi, degan savoliga “Prezident Xirosimadagi Tinchlik memoriali bog‘ida bayonot bermaydi”, deb javob bergan.
Sallivan “Katta yettilik”ning boshqa yetakchilari bilan birgalikda Amerika rahbari gulchambar qo‘yish va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini qayd etdi.
“Baydenning fikricha, bu ikki tomonlama voqea emas. “G7” yetakchilari ham tarixga, ham Xirosimada tug‘ilgan Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaga hurmat bajo keltirish uchun u yerga boradi”, dedi prezident maslahatchisi.
Yaponiya bu yil “G7”ga raislik qilmoqda.
Yetakchilar sammiti 19-21 may kunlari Xirosimada bo‘lib o‘tadi.
O‘zA