Poytaxtimizda Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan VI xalqaro stomatologlar kongressi o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz hamda Yevropa ittifoqi, Turkiya, Koreya, Hindiston va MDH davlatlarining 100 dan ortiq yetakchi mutaxassislari qatnashdi.
Ishtirokchilar tashxislash va davolashning eng yangi usullari, ilmiy va ta’lim yo‘nalishlaridagi tendensiyalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Kongress doirasida mahalliy va xorijiy mutaxassislar yosh soha xodimlari va talabalar uchun 20 ga yaqin noyob mahorat darsi o‘tkazdi.
Kongress dasturi doirasida Germaniyaning stomatologik uskuna va materiallarni ishlab chiqaruvchi “Mega-Denta” kompaniyasi tomonidan “Terapevtik stomatologiya” yo‘nalishida an’anaviy o‘n ikkinchi “Mega master” hamda AQSHning “Colgate-Palmolive” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Bolalar stomatologiyasi” yo‘nalishida xalqaro talabalar olimpiadasi tashkil etildi.
Mazkur xalqaro tanlovlarda O‘zbekiston AQSH, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston davlatlarining o‘ndan ortiq yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 120 ga yaqin talabalari ishtirok etib, o‘zlarining kasbiy mahoratlari va amaliy ko‘nikmalari, nazariy bilimlari va ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etdi. Bellashuvlarda Chimkent, Olmaota, Istanbul, Moskva, Xabarovsk, Volgograddan tashrif buyurgan yetakchi professor-o‘qituvchi va mutaxassislar hakamlik qildi.
M.Qosimova, O‘zA