Hozirgi davr aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idoralarda sarson bo‘lib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirishni taqozo etadi.

Boisi ID-karta va haydovchilik guvohnomasini olish, avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, avtotransport vositasiga davlat raqami berishda ayrim holatlarda davlat xizmatlarining hamon elektron shaklda amalga oshirilmasdan, an’anaviy shaklda olib borilayotgani, navbatlar sonining ko‘pligi fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Hududlarda vakolatli idoralarning quyi bo‘g‘in tashkilotlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetishmovchiligi yoki internet tezligining pastligi elektron davlat xizmatlarining ko‘rsatkichlari past darajada saqlanib qolishiga olib kelyapti.

Shundan kelib chiqib, joriy yil 14 fevral kuni ichki ishlar vaziri P.Bobojonovga “Ichki ishlar organlari tomonidan aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar ushbu parlament so‘roviga Ichki ishlar vazirining javobini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, Ichki ishlar vazirligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilib, modernizatsiya qilinmokda. Jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini ”yagona darcha” tamoyili bo‘yicha taqdim etilishi yuzasidan qator ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.

Xususan, ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida talab yuqori bo‘lgan 9 turdagi xizmat davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, sudlanganlik haqida ma’lumotnoma berish, manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim etish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish va yo‘qolganlari o‘rniga yangisini berish, vaqtincha ro‘yxatga olish (Toshkent shahri va Toshkent viloyati), doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, ro‘yxatdan chiqarish, vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, radioaktiv chiqindilardan tashqari xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish yo‘nalishi sxemalarini kelishish, chet el diplomatik korpus xodimlari va ishchilariga, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga haydovchilik guvohnomalarni berish, avtomobil yo‘llari va ko‘chalari bo‘yida joylashgan AZS, AGNKS va AGZS stansiyalarini qurish loyihalarini kelishish, shuningdek, og‘ir vaznli va katta hajmli yuklarni avtomobil transportida tashishda yo‘nalish sxemalarini kelishish kabilardir.

bugungi kunda Davlat xizmatlari Yagona reyestriga muvofiq, ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari 55 tani tashkil etadi. Reyestrga muvofiq, aholiga taqdim etiladigan xizmatlardan 19 turdagi davlat xizmatlarini elektron tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali masofaviy tarzda hamda davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatib kelinmoqda. Qolgan 36 tasi an’anaviy shaklda bo‘lib, bular asosan fuqarolarning ichki ishlar organlariga tashrifi asosida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan xizmatlardir.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tegishli tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilib, fuqaroning roziligi asosida biometrik pasport (xorijga chiqish biometrik pasporti) yoki ID-kartadagi fotosuratni avtomatik ravishda yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga biriktirish mexanizmi yaratildi. Shuningdek, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga fuqaroning imzosini (guvohnomaning 7-bandi) qo‘yish amaliyoti bekor qilinib, fuqarolar tomonidan mazkur davlat xizmatini to‘liq masofadan turgan holda olish joriy etildi.

Majlisda deputatlar parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganini ta’kidladilar. Parlament so‘roviga yuborilgan javob ma’lumot uchun qabul qilindi.


Muhtarama Komilova, O‘zA