Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori v.b. Rita Konsuelo Fatima Vidal Bryusni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni ta’minlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari, mamlakat Prezidenti tomonidan xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bu, o‘z navbatida, ushbu nufuzli tuzilma bilan munosabatlar izchillik kasb etayotganini anglatadi.
Senat Raisi O‘zbekiston BMT va uning mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ixtisoslashgan agentliklari va muassasalari bilan konstruktiv va ishonchli hamkorlik rivojlanib borayotgani, ayniqsa siyosiy muloqot faollashgani, buni Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi besh yil davomida BMT Bosh Assambleyasining 72, 75 va 76-sessiyalarining umumiy muhokamalaridagi ishtirokidan ham ko‘rish mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.
Shu munosabat bilan BMT tajribasidan kelib chiqqan holda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, xotin-qizlarning faolligini kuchaytirish, shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni mustahkamlash muhim ekanligini alohida qayd etdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida samarali hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Parlament komissiyasi tomonidan Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar bajarilishi bo‘yicha hukumatning faoliyati yuzasidan muntazam nazorat olib borilishi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, joriy yilda O‘zbekiston o‘zining ikkinchi ixtiyoriy milliy ma’ruzasini taqdim etishi, uni tayyorlash va parlamentda o‘tkaziladigan muhokamalar xususida fikr yuritildi.
O‘z navbatida, Konsuelo Vidal Bryus samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi.
Mamlakatimizning BMT bilan hamkorligi yangi bosqichda rivojlanayotganini ta’kidlab, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentning o‘rni muhimligini va bu borada muntazam ravishda muloqotni yo‘lga qo‘yish har jihatdan samarali ekanini qayd etdi.
Shuningdek, BMT O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Do‘stona ruhda kechgan uchrashuv yakunida tizimli muloqotni davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, umuman hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni kengaytirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA