O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida Birodar Abduraimovning 80 yoshlik va Igor Shkvirinning 60 yoshlik yubileyi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov, O‘FA rahbari Abdusalom Azizov, yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan futbol faxriylari, yaqin va uzoq o‘tmishdagi futbolimiz yulduzlari ishtirok etgan tadbirda Birodar Abduraimov va Igor Shkvirinni yubiley bilan muborakbod etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq Birodar Abduraimov “Mehnat shuhrati”, Igor Shkvirin “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlandi.

Yig‘ilishda har ikki futbol mutaxassisining bilim va tajribasi mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘zbek futboli an’analarini shakllantirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish borasidagi xizmatlari, milliy terma jamoalar uchun iste’dodli futbolchilarni tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgani e’tirof etildi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA