Ijtimoiy tarmoqlarda keytering usulida yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka ko‘rinishida dori vositalari chiqqani haqida tarqalgan ma’lumotlarga nisbatan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf (1-4-sinf) o‘quvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan ta’minlash tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda ushbu qarorni ijroga qaratish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022 yil 30 avgustdagi qarori qabul qilinib, mutasaddilarga tegishli vazifalar yuklatilgan.

Qarorda ko‘rsatilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining majlis bayoni bilan ishchi guruh va xarid komissiyasi tuzilgan. Bundan tashqari, keytering usulida oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishda oziq-ovqat xavfsizligini yanada yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining majlis bayoni qabul qilinib, ijroga qaratilgan. Mazkur bayon bilan keytering usulida oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan standart talablariga mosligini kundalik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha shahar va tuman  ishchi guruhlari tashkil etilishi belgilangan.

Xulosa o‘rnida, davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan ekologiyaning salbiy oqibatlari xurujida yashayotgan qoraqalpog‘istonlik 143 ming nafardan ortiq o‘quvchini yanada sog‘lom, yanada barkamol qilib ulg‘ayishlari yo‘lida ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda raqobatchini hamda keytering tizimini joriy qilish bo‘yicha islohotlarni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlar sodir etilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida aniqlanishicha, bir guruh  shaxslar  keytering  usulida oziq-ovqat ta’minotini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga nisbatan tuhmat uyushtirish orqali ularni obro‘sizlantirish maqsadida 3 ta holatda ichiga dori vositalari joylashtirilgan bulka va pryanik mahsulotlari, go‘yoki, Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridagi ta’minotchilar tomonidan tarqatilgani haqidagi iddaolar bilan “ANTIKORRUPSIYA” telegramm kanaliga ro‘yi-rost asossiz va noxolis ma’lumotlar joylashtirilishiga erishib, tadbirkorlik sub’ektlarining ishbilarmonlik nufuziga putur yetkazilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 139-moddasi 3-qismi “g” bandi (tuhmat) va 192-moddasi (raqobatchini obro‘sizlantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi tergovi yakuniga ko‘ra, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etiladi.

Tergovga taalluqli boshqa ish tafsilotlari jinoyat holatlarini aniqlash va fosh etishga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi inobatga olinib, oshkor etilmaydi. Bundan tashqari, keytering   usulida   oziq-ovqat    mahsulotlarini    tarqatishda  oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barcha mas’ul idoralar e’tiborida va ushbu sohada qonuniylikni ta’minlashning barcha choralari ko‘rib boriladi. Shu bilan birga ta’kidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlardan yolg‘on, noaniq va buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatish uchun qurol sifatida foydalanish holatlari uchramoqda.

Shu sababli ommaviy axborot vositalaridan g‘arazli maqsadlarda foydalangan, shuningdek, bila turib tekshirilmagan noxolis axborotlarni tarqatib, fuqarolar, yuridik sub’ektlar, jamiyat va davlat manfaatlariga ziyon yoki zarar yetkazgan shaxslarni qonun doirasida muqarrar javobgarlikka tortilishi haqida qat’iy ogohlantiradi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri