Samarkand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “15 may – Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Biz – sportchi oilamiz” shiori ostida professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlarning oila a’zolari ishtirokida sport musobaqasi o‘tkazildi.

Filialda faoliyat olib  borayotgan xodimlarni ommaviy sportga jalb etib, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilgan holda, foydali mashg‘ulotlar bilan chiniqtirish orqali o‘zi va oilasini yanada sog‘lomlashtirish  maqsadida  kasaba  uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu musobaqada 6 ta jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar turli qiziqarli sport mashg‘ulotlarini o‘z ichiga olgan 7 ta  shart bo‘yicha bellashdi.

Barcha jamoalar chaqqonlik va epchillik bilan harakat qilib, g‘olib bo‘lishga astoydil intilishdi. Oila a’zolari hamjihatlikda shartlarni a’lo darajada bajarishga harakat qildi.

Yakuniy  natijalarga ko‘ra, Hayvonlar anatomiyasi, fiziologiyasi va biokimyosi kafedrasi nomidan ishtirok etgan Primbetovlar oilasi birinchi o‘rinni egallab, g‘olib bo‘ldi. Filial psixologi Bekniyazovlar oilasiga ikkinchi,  tyutor Xojambergenovlar  oilasiga uchinchi  o‘rin nasib qildi.

G‘olib va faol ishtirok etgan jamoalarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri