Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanlararo sudining 2022 yil 12 apreldagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor J.J.dan undiruvchi N.Seytovaning foydasiga ikki nafar farzandining ta’minoti uchun qarzdorning har oydagi daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment nafaqasini undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Kegeyli tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Ijro harakatlari davomida aliment nafaqasi qarzdor tomonidan oyma-oy to‘lanib kelinganligiga qaramasdan, joriy yilning aprel oyida ota byuro bo‘limiga kelib, aliment evaziga o‘ziga tegishli 4 xonali uyni berish istagini bildirgan.

Shu sababli, davlat ijrochilari tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordamdan keyin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi qarori talablariga asosan, alimentchi ota uyini rasmiylashtirib berdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA