FOTOREPORTAJ

Bokschilarimiz jahon chempionatida 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” sport majmuida erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati nihoyasiga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida 4 nafar bokschimiz final bellashuvlarida ishtirok etdi.

Birinchi bo‘lib hamyurtimiz Oybek Jo‘rayev ringga ko‘tarildi. Qozog‘istonlik Mahmud Sabirxan (-54 kg)ga qarshi jang yurtdoshimiz uchun muvaffaqiyatsiz kechdi va Jo‘rayev musobaqani kumush medal bilan yakunladi.

Ikkinchi finalda ishtirok etgan Abdumalik Xalokov -57 kg vazn toifasida kubalik Siyedel Xorta bilan jangga kirishdi. Mahorat bobida ancha ustunlik qilgan hamyurtimiz g‘alaba qozondi va terma jamoamiz hisobiga oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.

Ushbu jahon chempionatida debyut qilgan Ruslan Abdullayev -63.5 kg vazn toifasida mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Batarsuxdan ustun keldi.

Hamyurtlarimiz orasida so‘nggi bo‘lib Saidjamshid Jafarov (-71 kg) final jangini o‘tkazdi. Afsuski, bellashuv qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenovning g‘alabasi bilan yakunlandi va yurtdoshimiz kumush medalga loyiq topildi.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA