Hokim yordamchisi lavozimi joriy etilishidan maqsad xalq ichiga kirib, ularning dardu tashvishlariga quloq tutish, aholi muammolarini o‘rganib, bartaraf etishdan iborat. Zero, hokim yordamchilarining barcha harakatlari xalqning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan.
– Hokim yordamchisi sifatida ishlayotgan mahallam o‘zim yashab turgan mahallamga u qadar yaqin emas, lekin bu mahalladagi ishlar bilan tanishib, aholi bilan tezda til topishib ketishimga monelik qilmadi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani Markazobod mahallasi hokim yordamchisi Akmaljon Qo‘chqorov. – Markazobod mahallasida 340 ta xonadon mavjud. 510 ta oilada 2 ming 155 nafar fuqaro istiqomat qilib kelmoqda. O‘tgan 2022 yil davomida ishsiz fuqarolar soni 81 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib bu raqam 26 taga kamaydi. Hozirda mahalla hududida 77 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat olib boradi.
Ularning aksariyati xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi tadbirkorlardir. Hududda yirik korxonalar mavjud bo‘lmasada, aholi xizmat ko‘rsatish hamda o‘zini-o‘zi band qilish orqali ro‘zg‘or tebratishga imkoniyat topib kelmoqda. O‘z mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda subsidiyalar yoxud imtiyozli kreditlar ajratish ishlari mahalladan chiqmay – hokim yordamchisining ko‘magi asosida onlayn tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari mavjud korxona va tashkilotlarga sayohatlar, hududiy mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Hududda ishsizlik va kambag‘allikning oldini olish uchun eng avvalo, mahallaning o‘sish drayveridan kelib chiqqan holda, fuqarolarga chorvachilik, issiqxona, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda takliflar va ko‘nikmalar berilishini tizimli yo‘lga qo‘yish zarur. Mahallada mavjud muammolarni o‘rganish natijasida 0,5 km. ichki yo‘lga qora qoplamali asfalt hamda beton asfalt yotqizildi hamda 0,5 km. ichimlik suvi quvurlari yangilandi. Bundan tashqari 1 km. piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilib, 40 ta quyosh panelli tungi yoritgichlar o‘rnatildi.
Hokim yordamchilari uchun “Online mahalla” onlayn tizimi yaratilgan. Mazkur platforma orqali barcha ma’lumotlardan elektron shaklda, inson omilisiz foydalanish mumkin. Bu aholi uchun ham juda qulay, eng muhimi, hech qanday ortiqcha xatti-harakatlarni talab qilmaydi.
– Faoliyatimiz samarasi aholining hokim yordamchilari institutiga va “mahallabay” tizimiga ishonchining tobora ortib borishida namoyon bo‘ladi, – dedi A.Qo‘chqorov. – Yaqinda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi hokim yordamchisi” respublika tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli uchinchi o‘rinni egallab, eng yaxshi hokim yordamchisi sifatida e’tirof etildim. Bu mukofot menga yanada kuch va g‘ayrat bag‘ishladi. Zimmamdagi vazifalar zalvorini yanada his etishimga turtki bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA