FOTOREPORTAJ
Palov – o‘zbek xalqining eng sevimli taomi, dasturxonimizning ko‘rkidir. Kundalik hayotda, turli bazm, to‘y va ma’rakalarda asosiy taom sifatida tortiladi. Yurtimiz gastronomik turizmida ham palov muhim o‘rin egallaydi. Uni tayyorlash jarayoni esa san’at darajasiga chiqqan.
Yurtimizning har bir shahri, viloyati palov (osh) tayyorlashda bir-birini takrorlamaydigan o‘z uslubiga ega. Toshkentcha “to‘y oshi”, “choyxona palov”, Farg‘ona vodiysining “devzira” guruchidan damlanadigan palovi, Samarqand oshi, Xorazm suzma palovi kabilar bir-biridan o‘zgacha ta’mi bilan farqlanadi.
O‘zbek palovi – YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyoh borki, uni totib ko‘rishga oshiqadi.
Katta doshqozonlarda, to‘y-tantanalarda palovni asosan erkaklar tayyorlaydi.
Sabzi, piyoz, guruch va xushbo‘y ziravorlar, yog‘ hamda saralangan go‘sht palovning asosiy tarkibiy masalliqlari hisoblanadi. Osh tayyorlash jarayoni esa masalliqlarni tanlash, to‘g‘rash, ularni qovurish, guruch solish va dimlashdan iborat. Bu jarayon oshpazdan katta mahorat va hushyorlikni talab etadi.
Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan fotoreportaj orqali palov tayyorlash jarayoni bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.
Kamola YUSUPOVA, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA