Kecha 3 may kuni yurtimizda mustaqil faoliyat yurituvchi nemolchi.uz loyihasining muallifi va jamoatchilik faoli Irina Matviyenko o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida unga o‘lim bilan tahdid qilingani tufayli O‘zbekistonni tark etgani va ayni damda Tbilisida ekanligini ma’lum qilgan edi.
Mazkur holatga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy munosabat bildirib chiqdi. Unda aytilishicha:
AOKA bu kabi holatlarni so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi borasidagi yangicha ochiqlik siyosatiga zid xatti-harakatlar sifatida keskin qoralaydi. Shunga ko‘ra, AOKA voqelikni o‘rganish hamda vaziyatga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga ushbu masalani nazoratga olishni so‘rab rasmiy xat orqali murojaat qildi. Agentlik olib borilayotgan o‘rganish natijalarini diqqat bilan kuzatib boradi hamda jurnalist hayoti xavfsizligi ta’minlanishiga, shuningdek, qonunchilikka zid ravishda tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishiga ishonadi.
Ayni paytda I.Matviyenkoning shaxsiy sahifasida e’lon qilingan xabar huquqni muhofaza qilish organlari va mutasaddi idoralar tomonidan o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, jurnalist Irina Matviyenko ijtimoiy tarmoqlarda jinsiy zo‘ravonlikka qarshi chiqishlari bilan keng jamoatchilikka tanilgan. Xorazm viloyatidagi 3 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq xabar ham dastlab nemolchi.uzda ma’lum qilingan edi.
O‘.Alimov tayyorladi, O‘zA