Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev xitoylik bir guruh yirik tadbirkor investorlar “Fujian Qunfeng Investment Group” kompaniyasi vakillari Lin Syantao hamda Lin Chjun, “BA ASSOCIATION” kompaniyasi bosh direktori B.Abdullayevlar bilan onlayn videokonferensaloqa uchrashuvini o‘tkazdi.

Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kenges raisi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlarga, shuningdek, xorijiy investorlarga yaratilgan sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar, Orolbo‘yi hududining investitsion muhiti, qazilma boyliklari zaxiralari, amalga oshirish imkoniyatlariga to‘xtaldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shuningdek, Qorao‘zak tumanida joylashgan “Burkittau” koni asosida “Fujian Qunfeng Investment Group” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 140 million AQSH dollarlik misni qayta ishlash klasteri loyihasi xususida ma’lumot berilgan. Xitoylik investorlar bilan ushbu loyihani hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “City group” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha muhokama etildi.

Uchrashuv davomida “Tianjeng xayteng” kompaniyasi tomonidan Bo‘zatov, Kegeyli va Taxtako‘pir tumanlarida 10 ming qoramolga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik kompleksini amalga oshirish yuzasidan ham kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni investorlari tomonidan Chimboy tumani hududida 50 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksini barpo etish belgilab olindi. Mazkur loyihaning dastlabki bosqichida Chimboy tumani “Tog‘yab” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi sobiq “Gigant” chorvachilik kompleksini qayta tiklash orqali 25 ming bosh qoramol boqish yo‘lga qo‘yiladi.

Muzokaralar davomida qurilish materiallari, kaolin mahsulotini qayta ishlash, farmatsevtika yo‘nalishlarida ham investorlarni jalb etish borasida muzokaralar olib borildi. Asosiy maqsad, ko‘p qirrali hamkorlikni qayta tiklash va kengaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda mutaxassislar tayyorlash borasida talaba yoshlar uchun sayyohlik, logistika, qurilish, me’morchilik va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi Sichuan provinsiyasi universitetlariga Xitoy grantlarining ajratilishini ta’minlash, unga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab yo‘nalishlarni ham kiritish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish istagidagi har bir investor qo‘llab-quvvatlanishi, ularga barcha shart-sharoit yaratilishini qayd etdi.

Videokonferensaloqa uchrashuvida mamlakatimizning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev ishtirok etdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri