Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida urbanizatsiya muhim ahamiyat kasb etadi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarining shaharlarda joylashishi ularda doimiy ish o‘rinlarining yaratilishi va farovonlikning qishloqlardagiga qaraganda yuqori bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu esa ularda ijtimoiy ko‘rsatkichlar, jumladan, ta’lim sifatining ham yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.

Demak, urbanizatsiya ta’lim jarayoni va uning sifati uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti  loyiha rahbari Suhrob Mahmudovning ta’kidlashicha, ta’lim sifati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari o‘zaro bog‘liqdir.

–Bunday bog‘liqlik tahlillarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi, –dedi S.Mahmudov. – Masalan, muassasa tomonidan abituriyentlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun OTMga kirish imtihonlarida to‘plagan ballari asosida ta’lim sifati  va  aholi daromadlari, ishsizlik va bandlik, maktabgacha ta’limning qamrovi va urbanizatsiya darajasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning asosiy ko‘rsatkichlari sifatida tahlil qilindi. Bunda biz hududlar bo‘yicha o‘rgandik.

Natija shuki, hududlar bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholi savodxonligi ko‘rsatkichlari o‘zaro bog‘liq. Masalan, umumiy daromadning aholi jon boshiga ulushi, bandlik darajasi, 1-6 yosh oralig‘idagi bolalarning maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan qamrab olinishi ko‘rsatkichlari past hududlardagi abituriyentlar kam ball to‘plagan.

Bu nimadan dalolat beradi? Bunda qishloqlarda shaharlarga nisbatan ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanmaganini sabab sifatida keltirish mumkin. Bu esa shaharlarda ijtimoiy ko‘rsatkichlar, jumladan ta’lim sifatining ham yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Natijalardan ko‘rish mumkinki, shaharlar bo‘yicha bitiruvchilarning o‘rtacha bali 78,0 va boshqa hududlar bo‘yicha 73,2 ni tashkil etgan.

Tahlillar Navoiy, Nukus va Buxoro shaharlari o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim sifati bo‘yicha mamlakatning boshqa hududlari uchun namunaviy hududlar bo‘la olishini ko‘rsatdi. Bu shaharlarda 2022 yil bitiruvchilarining o‘rtacha bali 89,9-94,3 oralig‘ida bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarni Buxoro viloyatining Qorako‘l (89,6 ball) va Peshko‘ (88,6 ball) tumanlari band etgan. Ta’kidlash lozimki, bitiruvchilarning o‘rtacha bali va aholi daromadlari hamda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi o‘rtasida bog‘liqlik kuzatildi.

2022 yil bitiruvchilari kesimida Buxoro viloyati ta’lim sifati bo‘yicha yetakchi hudud bo‘lib, viloyat bitiruvchilari kirish imtihonlarida o‘rta hisobda 85,6 ball to‘plagan. Shuningdek, Navoiy, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida vaziyat boshqa hududlardagiga qaraganda yaxshiroq. Bu hududlarda bitiruvchilarning o‘rtacha to‘plagan bali 77,0-83,4 oralig‘ida bo‘lgan. Sirdaryo, Surxondaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida esa o‘rtacha ball 69,5-72,7 ni tashkil etgan.

Bundan tashqari, tahlil ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi tafovutlar yuqoriligini hamda ba’zi muhim sohalarning jozibadorligini oshirish lozimligini ko‘rsatdi. Davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlar to‘plagan o‘rtacha o‘tish balining eng yuqori ko‘rsatkichi huquq (177 ball), iqtisod (160 ball), gumanitar fanlar (158 ball), sog‘liqni saqlash (157 ball), san’at (154 ball) sohalariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar irrigatsiya va melioratsiya (92 ball) hamda qishloq xo‘jalik texnikasi (93 ball) sohalarida qayd etilgan.

Xulosa o‘rnida, tahlillarda olingan natijalar kundalik hayotdagi muammolardan tortib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi kamchiliklargacha, barchasini ilmga sarmoya kiritish orqali hal etish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba Ziyodullayeva  

yozib oldi