Senatning qirqinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2021 yil 10 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Bitimning asosiy maqsadi  fors-major holatlarida davlat aviatsiyasi havo kemalarining havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik qilishning yagona tartibini belgilashdan iborat.

Hujjatga muvofiq, fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda tomonlar davlat havo hududini qisqa muddatli kesib o‘tishga, o‘z aerodromlaridan biriga zaxira sifatida qo‘nish uchun ruxsat berishga haqliligi nazarda tutilgan.

Hujjatning ratifikatsiya qilinishi parvozlar xavfsizligini yanada ta’minlashga xizmat qiladi.

Yalpi majlisda ma’qullangan qonun ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, butun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA