Ma’lumki, A-level sertifikati dunyoning 95 mamlakatidagi 1 ming 750 dan ortiq OTMlari tomonidan tan olinadi. Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan AS&A-level imtihonlari Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasidan o‘tgan barcha Prezident maktablarida bir vaqtda o‘tkaziladi. Imtihonlar 3 maydan 8 iyunga qadar davom etadi.

Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan taqdim etiladigan A-level sertifikati xalqaro oliy standart sertifikati bo‘lib, imtihonlarda ishtirokchi A+(a+), A (a), B(b), C(c), D(d) yoki E(ye) darajalarini olish mumkin.

Bunda – A+(a+) – eng yuqori -Ye(ye) – eng past ko‘rsatgich hisoblanadi.

A-level sertifikatini olish uchun nafaqat Prezident maktabida ta’lim oluvchilar, balki  barcha xohlovchilar topshirishlari mumkin.

Imtihonlar an’anaviy tarzda bir yilda 2 marta oktabr-noyabr hamda may-iyun oylarida bo‘lib o‘tadi.  Kuzgi imtihonlar uchun nomzodlar avgust-sentabr oylarida, may-iyundagi imtihonlar uchun esa yanvar-fevral oylarida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Cambridge Assessment imtihon uchun 50 dan ortiq turdagi fanni taqdim etadi, talabgor esa 3 tadan 5 tagacha fan tanlaydi.

Cambridge Assessment A-leveldan tashqari AS va IGCSE sertifikatlarini ham beradi. Prezident maktablari o‘quvchilari IGCSE imtihonini — 8-9-sinfda, AS imtihonini —10-sinfda, A-levelni esa 11-sinfda topshirishadi.

Chetdan kelgan, jumladan, Prezident maktablari o‘quvchisi bo‘lmagan talabgorlar nechanchi sinfda o‘qishidan qat’i nazar, o‘z bilimi va xohishiga qarab, istalgan turdagi imtihonni topshirishi mumkin.

Imtihon javoblari avgust oyida pochta orqali yuboriladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA