Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Rivojlanishning yangi bosqichini va 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini belgilab bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat xizmatlarini bevosita quyi bo‘g‘inlarda ko‘rsatish, mahalliy hokimiyat idoralari uchun moliyaviy va boshqa imkoniyatlarni kengaytirish zarurati, mavjud tartib-taomillarni optimallashtirish va soddalashtirish, boshqaruvning innovatsion shakllarini joriy etish lozimligi alohida ta’kidlangan edi.

“Rekruting faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekistonning qonunchilik amaliyotida birinchi marta, Xalqaro mehnat tashkilotining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi xalqaro standartlarini va rekruting faoliyatini tashkil etish hamda rivojlantirishning xorijiy tajribasini hisobga olgan holda, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qayd etib o‘tilganidek, qonun loyihasida rekruting agentliklari xizmatlarining asosiy turlari ifodalangan bo‘lib, ish qidirayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududida maqbul ish tanlash, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash, chet elda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish, mehnat bozorida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish shular jumlasiga kiradi. Shuningdek, rekruting xizmatlari ko‘rsatish shartnomalariga doir majburiy talablarni belgilovchi normalar mavjud, rekruting faoliyati sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining maqomi hamda vazifalari belgilangan.

Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston aholisini ham mamlakat korxonalarida, ham chet elda ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini jiddiy ravishda ko‘paytirish va kengaytirish, davlat xizmatlari va xususiy sektor tomonidan bandlikka ko‘maklashish mexanizmlarini aniq tartibga solish imkonini berishi deputatlar tomonidan qayd etildi. Shu bilan birga, deputatlar ta’kidlaganlaridek, ish bilan ta’minlashga doir xizmatlar ko‘rsatish tartibi va shart-sharoitlarini belgilash, shu jumladan, rekruting agentliklarining, korxonalar hamda ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilash birinchi darajali ahamiyatga egadir.

So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilishchora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Farmonning 4-bandiga asosan 2018 yil 1 yanvardan Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari Davlat xizmatlari markazlariga aylantirilgan. Shundan kelib chiqqan holda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining bir qator moddalariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Chunonchi, Kodeks davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu modda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi buzilgan, shu jumladan, elektron hujjatni, so‘rovni, arizachi nomidan murojaatni qabul qilish rad etilgan taqdirda mansabdor shaxslar va xizmatchilarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga asos bo‘ladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqqan holda “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga, O‘zbekiston Respublikasining Soliq, Byudjet, Bojxona kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Deputatlar mazkur qonun qabul qilinishi bilan amaldagi qonun hujjatlarining mamlakatning rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibiga muvofiqligi ta’minlanishini alohida ta’kidladilar.

Majlisda parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasiningAxborot xizmati