Keyingi ikki hafta mobaynida Toshkent bir emas, uchta xalqaro nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi.
Joriy yilning 27-30 aprel kunlari yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida qit’a chempionati, 29 aprel – 5 may kunlari kamondan otish bo‘yicha Osiyo kubogining ikkinchi bosqichi, 30 aprel – 14 may kunlari esa boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida jahon chempionati poytaxtimizda tashkil etiladi.
Xo‘sh, mazkur musobaqalarga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilmoqda? Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan yig‘ilish bayonlari, “yo‘l xaritalari” ijrosi belgilangan vaqtda ta’minlanyaptimi?
Bugun yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov ishtirokida tashkil etilgan yig‘ilishda shu xususda so‘z bordi.
Ushbu chempionatlar yurtimizda 30 aprel kuni o‘tkazilayotgan umumxalq referendumi bilan bir paytga to‘g‘ri kelayotgani, musobaqalarni bir qator xorijiy davlatlarning diplomatlari, rasmiy vakillari Toshkentda kuzatishini ta’kidlab, musobaqalar bilan bog‘liq oddiy masalalarga ham alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lishini bildirdi.
Bu, chempionatlar Yangi O‘zbekistonning sport salohiyatini xalqaro maydonda ko‘rsata bilishda muhim omil sanaladi. Muhokamalar davomida Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, federatsiya mas’ullari, Respublika oliy sport mahorati maktablari vakillari, huquq-tartibot organi xodimlari o‘z fikr-mulohazalarini aytib o‘tishdi.
Uchrashuv yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilanib, ish samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA