Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi deputatlar guruhining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi. Xalq vakillarining respublikamiz shimoliy hududlarida uch kunlik faoliyati davomida saylovchilar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, huquqni qo‘llash amaliyotining holati o‘rganildi, keng ko‘lamli axborot-tushuntirish ishlari olib borildi.

Tashrifning asosiy mavzusi mamlakat Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha umumxalq referendumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘ldi. Deputatlar saylovchilar bilan uchrashuvlarida konstitutsiyaviy islohotning o‘ziga xos jihatlariga batafsil to‘xtalib, uning demokratik mohiyati va asosiy e’tibor shaxs huquqlarini har tomonlama himoya qilish, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotining huquqiy kafolatlarini yaratishga qaratilayotganini ta’kidladi.

2023 yil 11-12 aprel kunlari deputatlik guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani, shuningdek, Xorazm viloyatining bir qator tumanlarida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Parlament deputatlarining mahalliy Kengashlar deputatlari bilan muloqotlari juda samarali bo‘ldi. Ularda deputatlarga yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining eng muhim qoidalari haqida ma’lumot berildi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yuzasidan fikr almashildi.

Qonunchilik palatasi a’zolarining ijtimoiy soha ob’ektlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga tashrifi davom etdi. Xususan, Beruniy tumani markazidagi 65-maktab, Gurlan tumanidagi 7-maktab o‘qituvchilari, Gurlan va Yangibozor tumanlaridagi «Obod» va «Ocho-qal’a» mahallalari faollari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, bir qator xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, ya’ni «Global teks» ishlab chiqarish korxonasi, «Zamin oq oltin» fermer xo‘jaligi faoliyati o‘rganildi.

Shuningdek, xalq vakillari Yangibozor tumanidagi ko‘p tarmoqli poliklinika faoliyati bilan yaqindan tanishib, mazkur muassasa tibbiyot xodimlari bilan axborot-tushuntirish ishlarini olib bordi.

Parlamentdagi deputatlar guruhi o‘tkazilayotgan barcha uchrashuvlarda keng jamoatchilik konstitutsiyaviy islohotni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotgani, bo‘lajak referendumda ishtirok etishga konstruktiv intilayotganini ta’kidladi.

O‘zA