Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining negizida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, musobaqaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi a’zolari, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiruvga qadar yoshlarni tayyorlash fani o‘qituvchilari va o‘quvchilar qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Xalq ta’limi vazirligi hamda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashining qo‘shma qaroriga asosan mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadlariga a’zo bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi mana uch yildirki yoshlarda harbiylikka havas uyg‘otib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shmoqda.

O‘quvchi-yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘zaro madaniy-sport aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarni sport o‘yinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sog‘lom turmush tarzini odat qilishga o‘rgatish, ruhan va jismonan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan ushbu bellashuv yoshlar orasida ommalashib, minglab ixlosmandlarini yig‘ishga ulgurdi.

Ta’kidlash joizki, 2021 yilgi “Vatanparvarlar” harbiy-sport bahslarining final bosqichi yakuniga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharafini himoya qilgan Kegeyli tumani yoshlari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mudofaa vaziri kubogini Qoraqalpog‘istonga olib kelgan edi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra bellashuvda har jamoadan 7 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz bola ishtirok etib, 1-shartida yoshlar pnevmatik miltiqdan nazorat otish mashqi orqali merganlik mahoratini, “Harbiy estafeta” deb nomlangan 2-shartda ishtirokchilar avtomatni noto‘liq qismlarga ajratishi va yig‘ishi, gazga qarshi niqobni kiyishi va yuk avtomobilining g‘ildiragini aylantirib yugurish, 3-shartda  ikki nafar ishtirokchi 50 metr masofaga zambilni ko‘targancha yugurish va marrada yotgan shartli jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mahoratlarini namoyish etdi. Navbatdagi “Duatlon” shartida har jamoadan ikki nafar ishtirokchi o‘rta masofaga yugurushi va velosiped haydash, “Safda qo‘shiq aytish” deb nomlangan keyingi shartda jamoalar safda shahdam qadamlar bilan yurib, harbiycha qo‘shiqlarni jonli ijro etishdi. “Temur tuzuklari bilimdoni” deb nomlangan oxirgi shartda o‘quvchilar 5 tadan savolga javob berishdi.

Musobaqaning yopilish marosimida nutq so‘zlagan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov bugungi kunda mamlakatimiz yoshlariga bo‘layotgan e’tibor, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi yutuqlarni e’tirof etib, harbiy okrug hududida mana shunday tadbirlarni o‘tkazish uchun barcha sharoitlar bundan keyin ham yaratib berilishini ta’kidladi.

Dastlab musobaqa shartlarida alohida ko‘rsatgichlarga erishgan o‘quvchi-yoshlar va jamoalar taqdirlandi. Unga ko‘ra “Eng kuchli sportchi”, “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Mohir mergan” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha yoshlar yakkalik va jamoaviy tartibda mukofotlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha shartlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan Kegeyli tumani 41-umumta’lim maktabining “Lochinlar” jamoasi shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. O‘tgan yilgi mavsumda musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Nukus tumanidagi 31-umumta’lim maktabining “Akmang‘it” jamoasi bu safar ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Qonliko‘l tumani 2-umumta’lim maktabining “Lochin” jamoasi musobaqaning mutlaq g‘olibi bo‘ldi.

Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplomlar, fahriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Musobaqada g‘alaba qozongan Qonliko‘l tumani jamoasi endilikda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri kubogi bellashuvining final bosqichida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA