Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Konstitutsion islohotlarning mazmuni va ahamiyati bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Ibragimov ishtirok etib, yangi tahrirda qabul qilinayotgan Konstitutsiya mamlakatimizning porloq kelajagini va har bir fuqaroning taqdirini belgilab berishdagi ahamiyatli jihatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, barchamizga ma’lumki, butun respublikamiz bo‘ylab yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi qo‘shimcha va normalar, referendumning ahamiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Umumxalq muhokamalarida aholi tomonidan minglab takliflar kelib tushganligi, ularning har to‘rttasidan biri loyihadan joy olganligi qayd etildi.

Albatta, asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar mamlakatimizda inson qadri yanada yuksalishiga, aholining ezgu maqsadlari ro‘yobga chiqishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shu jumladan, yoshlar va ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratilib, alohida bobga kiritilgani mamlakatimiz yoshlariga yanada katta kuch va motivatsiya bag‘ishlamoqda. Bu esa o‘z o‘rnida, yoshlarning yangi yutuqlarga erishishi va katta marralarni zabt etishi uchun zamin yaratib beradi.

Ommaviy axborot vositalari orqali deyarli har kuni hamyurtlarimiz o‘z hayoti misolida bugungi qo‘lga kiritgan yutuqlarini hikoya qilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya aholiga yanada keng imkoniyat eshiklarini ochib berishini to‘lqinlanib gapirmoqda.

Tadbir yakunida filial professor-o‘qituvchilari va talabalar bo‘lajak referendumda faol ishtirok etishga chorlandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA