Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay provinsiyasida joylashgan “Shuixing Home Textile” kompaniyasi prezidenti Shanbiao Mai bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
“Shuixing Home Textile” kompaniyasi Xitoyda ipak mahsulotlaridan maishiy buyumlar ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonalar uchtaligiga kiradi. Korxonaning mamalakat bo‘ylab 2 ming 869 ta sotuv do‘konlari mavjud.
Uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistondan yirik miqdorda ipak momig‘i sotib olish taklifini bildirib, o‘zbek ipak mahsulotlariga yuqori qiziqish bildirishini va bu sohada keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchiligini qayd etdi. Xitoylik mehmonga qo‘mita va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalar hamda ularda ishlab chiqariladigan ipak mahsulotlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yildagi pillachilik mavsumida 510 ming quti ipak qurti parvarishlanib 28,3 ming tonna pilla xomashyosi yetishtiriladi. Shundan 3,1 trillion so‘mlik ipak mahsulotlari ishlab chiqariladi. Jumladan, 325,7 milliard so‘m miqdoridagi 1,4 ming tonna ipak momig‘i ishlab chiqariladi.
Muloqot so‘ngida kelgusida hamkorlik rejalari bo‘yicha kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA