Huquqiy munosabat

Ma’lumki, tovar belgisi tushunchasi va uning huquqiy asoslari qonunchiligimizda alohida normativ hujjatlar bilan tartibga solingan.

Xo‘sh, tovar belgisi huquqiy jihatdan qonunchiligimizda qanday muhofaza qilinadi? Tovar belgisidan foydalanmaslik qanday oqibatlarga olib keladi? Bu boradagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev javob berdi.

–Tovar belgisini huquqiy muhofaza qilishning asosiy sharti uni tegishli vakolatli davlat idorasida ro‘yxatdan o‘tkazilgani hisoblanadi. Mahsulot belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan shaxsan yoki Intellektual mulk agentligida ro‘yxatga olingan patent vakili orqali (xorijiy sub’ektlar uchun) berilishi mumkin. Umumiy qoida bo‘yicha mahsulot belgisining ustuvorligi tegishli tarzda rasmiylashtirilgan talabnoma Intellektual mulk agentligiga kelib tushgan kunga qarab belgilanadi. Talabnoma va talabnomada ifodalangan belgi belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi va uning natijalariga qarab tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi.

Tovar belgisini ro‘yxatga olish haqidagi qarorga asosan Intellektual mulk agentligi tovar belgisini O‘zbekiston Respublikasining tovar belgilari reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Davlat reyestriga va tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi guvohnomaga tovar belgisining tasviri, uning egasi haqidagi ma’lumotlar, ustuvorlik sanasi, ro‘yxatdan o‘tgan vaqti, ushbu belgini qo‘yish mo‘ljallangan tovarlar ro‘yxati kiritiladi. Bu hakda ma’lumotlar Intellektual mulk agentligining rasmiy axborotnomasida e’lon qilinadi.

–Tovar belgisi huquqiy jihatdan qonunchiligimizda qanday muhofaza qilinadi?

– Tovar belgisi uni ro‘yxatdan o‘tkazish asosida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi. Tovar belgisiga bo‘lgan huquq u ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Tovar belgisi yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Tovar belgisini, tovar kelib chiqqan joy nomini va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun beriladigan talabnoma bir tovar belgisiga yoki tovar kelib chiqqan bir joy nomiga taalluqli bo‘lishi lozim.

–Tovar belgisidan foydalanish va uning daxlsizligi huquqiy  asoslari qanday?

–  Tovar belgisini qonunda belgilangan tartibda har qanday tarzda muomalaga kiritish undan foydalanish deb hisoblanadi. Tovar belgisini nashr etganda, uni ko‘pchilik oldida ijro etganda yoki undan o‘zgacha tarzda foydalanganda tovar belgisining o‘ziga ham, uning belgilariga ham biror-bir o‘zgartishlar kiritishga faqat unga bo‘lgan huquq egasining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Tovar belgisi uni ishlatish uchun ro‘yxatga olingan tovarlarda yoki ularning idishi hamda o‘rovida tovar belgisining egasi tomonidan yoki qonunchilikka muvofiq litsenziya shartnomasi asosida bunday huquq berilgan shaxs tomonidan qo‘llanilishi tovar belgisidan foydalanish deb hisoblanadi.

Tovar belgisining reklamada, bosma nashrlarda va yarmarkalarda eksponatlarni namoyish etish vaqtida, ishlab chiqarilayotgan, sotuvga taqdim etilayotgan, sotilayotgan yoki boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritilayotgan, yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarning etiketkalarida, o‘rovlarida, tovarlarni fuqarolik muomalasiga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarda, domen nomida ishlatilishi ham tovar belgisidan foydalanish deb e’tirof etilishi mumkin.

– Tovar belgisidan foydalanmaslik qanday oqibatlarga olib keladi?

– Tovar belgisidan oxirgi uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi bo‘yicha sudning qaroriga asosan bekor qilinishi mumkin.

–Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun javobgarlik masalalari qanday?

– O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasiga muvofiq, o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA