Poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da atoqli ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda faol xotin-qizlar, ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Zulfiya haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ma’rifatli onalar orqali yoshlarni tarbiyalash masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Zulfiya nomidagi davlat mukofotining ta’sis etilgani qizlarni ijodga, izlanishga, faollikka da’vat etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Zulfiyaning hayoti sadoqat, mehr, fidoyilikka yo‘g‘rilganini ta’kidladi. Shoiramizning hayoti, ijodi, umr yo‘li yoshlar uchun katta ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Zulfiya Isroilova kabi ijodkorlarning fidoyiligi, zahmati yoshlar uchun katta ahamiyat kasb etmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov mazkur oliy o‘quv dargohida ham Zulfiya ijodini o‘rganish masalasi e’tiborda ekanini qayd etdi.

– Zulfiyaxonim bilan yigirma yil davomida birga ishlashga, keyinchalik esa umrlarining oxirigacha ular bilan muloqotda bo‘lish baxtiga erishdim, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari, taniqli ijodkor Muhtarama Ulug‘ova. – Zulfiyaxonim aytgan so‘zi bilan amali bir bo‘lgan ijodkor edilar.

–Yurtimizda Zulfiyaxonim va Hamid Olimjon ijodini targ‘ib etish borasida katta qadamlar qo‘yildi, – dedi Oila va xotin-qizlar avlat qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva. – Davlatimiz rahbarining bu tashabbusi Zulfiya ijodining hamisha dolzarbligidan darak beradi.

Tadbirda yaqinda ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi stipendiya o‘z sohibalariga topshirildi.

–Men maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq Zulfiya ijodi bilan tanish edim, – dedi Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi, Zulfiya nomidagi stipendiya sohibasi Ojasvi Sharma (Hindiston). – Bu she’riyat hindistonlik jamoat arbobi Javoharla’l Neru tomonidan ham yuksak e’tirof etilgan. O‘zbekistonla adabiyotga qaratilayotgan e’tiborni yuksak baholayman.

Tadbirda Zulfiya she’rlaridan namunalar o‘qildi. Uning ijodiga oid tanlov g‘oliblari taqdirlandi.

 

Nazokat Usmonova,  

Alimurod Madaminov (suratlar),  

O‘zA