Shu kunlarda poytaxtimizdagi «Universal» sport majmuasida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yil Turkiyada o‘tkazilishi kutilayotgan Jahon chempionati hamda Xitoyda bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoani shakllantirishga xizmat qiladigan chempionatning birinchi kungi bahslarida ayollar va erkaklar o‘rtasida 3 tadan vaznda kuchlilar aniqlandi.
Murosasiz bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, barchinoylar orasida o‘z vaznlarida sirdaryolik Ulbo‘sin Hakimova, poytaxt vakilasi Sitora Elmurodova, andijonlik Ibodat Agajonova, erkaklar o‘rtasida buxorolik Abdulaziz Hamroyev, Toshkent viloyati polvoni Artyom Shturbabin va qashqadaryolik Hamid Haydorov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Shuningdek, yana 18 nafar sportchi kumush va bronza medallariga musharraf bo‘ldi.
Bugun, 24 fevral kuni o‘tadigan chempionat musobaqalarida erkaklar 81 va 90 kilogrammda, ayollar 63, 70, 78 kilo og‘irlikda sovrinli o‘rinlar uchun bahs olib boradi.
Musobaqalar 25 fevralga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA