Shveysariyaning “Agence Ecofin” internet-nashri sahifasida “Misr va O‘zbekiston yangi sarmoyaviy loyihalar orqali hamkorlikni mustahkamlamoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi. Axborotda davlatimiz rahbarining Misrga rasmiy tashrifi tafsiloti atroflicha qalamga olingan.
Maqolada, jumladan, O‘zbekiston va Misr tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soni so‘nggi yillarda olti barobar oshgani o‘quvchilar e’tiboriga havola qilinar ekan, Port-Said shahrida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi va distribyutorlik markazi tashkil etish, imtiyozli savdo shartnomasi tuzish va imzolash, qo‘shma ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishini 2023 yil ikkinchi yarmida Toshkent shahrida tashkil etish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgani alohida ta’kidlangan.
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misrga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvlar davomida biznes-forum tashkil etildi, – deb yozadi “Agence Ecofin”. – Tadbirda ikki davlat yetakchi kompaniyalaridan 200 ga yaqin vakil ishtirok etib, yakunda qator hujjatlar imzolandi. Asosan, kimyo, energetika, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal yo‘nalishlari, sanoat zonalarini rivojlantirish, infratuzilma loyihalari amalga oshirish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, qurilish, farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalarni hayotga tadbiq etishga aloqador kelgusi tadbirlar belgilab olindi. Rasmiylar O‘zbekiston va Misr o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi sonini ko‘paytirishga ham kelishib oldilar.
O‘zA