Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish hamda fuqarolarning pensiya miqdorlarini mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga muvofiq izchil oshirib borilishini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari 14 foizga oshirilib minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kam bo‘lmasligi ta’minlangan. Minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan (500 ming so‘mdan) yuqori miqdorlardagi pensiya va nafaqalar esa 12 foizga hamda nogironlik pensiya va nafaqalarining eng kam miqdori esa 440 ming so‘mdan 698 ming so‘mgacha ya’ni 1,6 baravarga oshirilgan.
Bundan tashqari to‘lovlarni bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilingan.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, joriy yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori, ya’ni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan o‘n ikki baravarigacha oshirildi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 million 888 ming so‘m etib belgilandi.
Mazkur farmonga asosan, 2022 yil dekabr oyida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan, ya’ni 3 million 240 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan 371 ming nafar pensiya oluvchilarning pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilindi va pensiyasi oshadigan fuqarolarga 2022 yilning dekabr oyida SMS xabar jo‘natildi.
Ushbu tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan va pensiya tizimiga yuqori hissa qo‘shgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib ko‘proq haq olishiga qiziqishini oshirish, yashirin iqtisodiyotdan chiqishga, mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilishda va rivojlantirishda faol ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqoridagi amalga oshirilgan islohotlar natijasida yoshga doir pensiya oluvchilarning o‘rtacha pensiya miqdori 2023 yil 1 fevral holatiga 1,1 million so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga o‘sgan.
bugungi kunda zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 500 ming so‘m, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 500 ming so‘m va yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 633 ming so‘m, nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 698 ming so‘m hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 698 ming so‘mni tashkil etadi.
O‘zA