Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” majmuasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutiga asos solinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida o‘zaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya boshlandi.
Konferensiya Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda 20 ga yaqin xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari hamda xalqaro birlashma vakillari, jumladan, Portugaliya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Tailand, Marokash qirolligi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlari Ombudsmanlari hamda xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari qatnashmoqda.
G‘. HASANOV,
A. ISROILOV (surat), O‘zA