15-17 fevral kunlari Fiji Respublikasida bo‘lib o‘tgan XII Jahon hind tili xalqaro anjumanida o‘zbekistonlik hindshunos olimlar delegatsiyasi ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Dunyoning yigirma besh davlatidan kelgan hindshunoslarni jamlagan mazkur nufuzli tadbirda Yaponiya, Polsha, Rossiya, Tailand olimlari qatorida Markaziy Osiyodan yagona ishtirokchi – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika kafedrasi mudiri Nilufar Xo‘jayeva O‘zbekistonda hind tili rivojiga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun “Vishwa Hindi Samman” (“Hind dunyosi faxri”) mukofoti bilan taqdirlandi.

– Mamlakatimiz xotin-qizlarining ta’lim olishi, bilimini oshirishi, ilmiy faoliyat olib borishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyat natijasi o‘laroq, o‘zbek ayollarining ilm-fan sohasidagi izlanishi, mehnati dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda, – deydi N.Xodjayeva. – Ushbu nufuzli anjumanda ko‘plab mamlakatlar hindshunos olimlari bilan fikr almashish, hamkorlik qilishga kelishib olyapmiz. bugungi mukofot bizni kelgusida xorijlik hamkasblarimiz bilan ilmiy, madaniy aloqani yanada mustahkamlash yo‘lida tinmay izlanishga undaydi. Qolaversa, bu e’tirof zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Mahfuza Ortiqova, O‘zA