Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ishtirok etib, ma’ruza qildi:  

— Inson huquqlari madaniyati deganda to‘rt muhim jihat tushuniladi. Bular har bir inson o‘z huquqini bilishi, unga rioya qilishi, boshqalarning huquqlarini buzmaslik hamda birovlarga huquqiy ko‘mak berish. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda sohada tizimli ishlar olib borilmoqda.    

Yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Ochilov ma’ruza qilib, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining mazmun-mohiyati, unda ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar xususida ma’lumot berdi.

— 2023 yil 7 fevralda “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi, — dedi O‘tkir Ochilov. —  O‘zbekistonda 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Shundan kelib chiqib, qarorda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan amalga oshirish maqsadida qator vazifalar o‘z aksini topgan.  

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlanib, unda 7 yo‘nalish, 30 banddan iborat tadbirlar belgilab berildi. Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga asosiy e’tibor qaratiladi.

Ushbu bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim berishga qaratilgan. Milliy ta’lim dasturida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonlarda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlashda inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, huquqbuzarlik, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda inson huquqlari sohasida Milliy ta’lim dasturi doirasida olib boriladigan ishlar muhokama qilindi. Ta’limga mas’ul vazirlik va tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi hamda “yo‘l xaritasi” asosida faoliyat olib borish bo‘yicha rejalari ma’lum qilindi. Prezident qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.


Muhtarama Komilova, Yoqub Meliboyev (surat), O‘zA