Dushanba kuni Istanbulda Marmar dengizi qirg‘og‘i kutilmaganda 15-20 metrlarga chekingan. Olimlar xavotir olmaslikni, hodisa bosim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lib, seysmik faollikka aloqasi yo‘qligini aytishmoqda.

OAV dushanba kuni dron orqali olingan videoyozuvlarni namoyish qilgan. Unda Avjilar tumanida dengiz qirg‘og‘i taxminan 15-20 metrlarga chekingani, qoyalar ko‘rinib qolgani aks etgan. Nufuzli Kandilli Observatoriyasi olimlari ushbu vaziyatga izoh berishdi. Unda aytilishicha, bu meteorologik hodisa bo‘lib, zilzilaga umuman aloqasi yo‘q.

6 fevralda Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida birin-ketin ikki marta 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halokat sababli Turkiyada qurbon bo‘lganlar soni 31 ming 643 kishiga yetgan. Zilzila Turkiyaning 10 ta viloyati hamda Suriya hududiga katta talafot yetkazdi.